Faxriylar – faxrimiz. Jonkuyar va fidoyi
2025-07-24 23:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston tumani “Konizar” MFY Dasht qishlogʻida istiqomat qiluvchi ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi podpolkovnik Ibragimjon Turgʻunov garchi 70 yoshni qarshilayotgan boʻlsada, gʻayrat-shijoatda yoshlardan qolishmaydi.
Ayni paytda tuman IIB boshligʻi maslahatchisi va faxriylar kengashi raisi boʻlib xizmat qilayotgan ustoz shunday eslaydi:
1976-yil Oʻzbekiston tumani Ichki ishlar boʻlimiga haydovchi boʻlib ishga kirganimda yosh yigitcha edim. Oʻshanda boʻlim boshligʻi boʻlgan podpolkovnik Shodmon Usmonov, polkovnik Begali Rahmonaliyevlardan kasb sirlarini oʻrganib, tajriba orttirdim. Fidoyi ustozlarimning oʻgitlari haligacha meni toʻgʻri yoʻlga chorlab turadi.
Oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygani sababli xizmat bilan uzviy ravishda sirtdan taʼlim olib, 1981-yilda kichik leytenant unvoni bilan voyaga yetmaganlar inspektori boʻlib ishlay boshladi.
Shundan soʻng 32-yil davomida profilaktika inspektori, katta inspektori, HOOB boshligʻi, pasport boʻlinmasida boshliq, tuman IIB boshligʻining oʻrinbosari kabi vazifalarda samarali xizmat qilib, podpolkovnik unvoni bilan 2006-yilda pensiyaga chiqdi hamda 2013-yilgacha Oʻzbekiston tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi boʻlib ishladi.
2018-yildan boshlab tumandagi bir necha maktabda chaqiriqqacha boshlangʻich harbiy taʼlim oʻqituvchisi boʻlib ishladi. Hozirda Qoʻqon shahridagi 3-maktabda chaqiriqqacha boshlangʻich harbiy taʼlimdan yoshlarga saboq bermoqda.
Uning boshchiligida maktab oʻquvchilaridan iborat jamoa “Yashil chiroq” musobaqasining shahar hamda viloyat bosqichlarida yuqori oʻrinlarni band etayotgani eʼtirofga sazovordir.
Lavhamiz qahramonining tuman IIB boshligʻi maslahatchisi va faxriylar kengashi raisi sifatidagi faoliyati ham tahsinga loyiq.
Faxriylar ishtirokida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlarini tashkil etadi.
Ularni tarixiy qadamjolarga sayohatga olib boradi, bemor boʻlganlarini yoʻqlaydi. Yosh inspektorlarga murabbiy etib biriktirilgan faxriylar ishini muvofiqlashtirib, yoshlarga maslahat va tavsiyalar berishdan erinmaydi.
Uning jonsarakligi va fidoyiligi eʼtiborga olinib, 2024-yilda “Ichki ishlar organlari faxriy xodimi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Turmush oʻrtogʻi bilan hamjihatlikda 5 qiz va 1 oʻgʻilni munosib tarbiyalagan ustoz ayni kunda 29 nafar nevara hamda 4 nafar chevara davrasida keksalik gashtini surmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
