Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyatini yaqindan oʻrgandi
2025-07-24 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi raqamli zamonda axborot texnologiyalari jamiyatning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bir paytda, ushbu yoʻnalishdagi jinoyatlarga qarshi kurashish, ularni barvaqt aniqlash va oldini olish huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi yaqinda yangidan tashkil etilgan Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif chogʻida ichki faoliyat, kadrlar salohiyati, qoʻllanilayotgan texnik vositalar va dasturiy taʼminotni oʻrgandi.
Jinoyatlar koʻlamining oʻsishi aholi axborot xavfsizligini taʼminlash, internet orqali firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni noqonuniy egallash va feyk akkauntlar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarni tezkor aniqlash zarurligini kun tartibiga olib chiqmoqda.
Shu munosabat bilan boshqarma faoliyatini zamonaviy axborot tizimlari, intellektual kuzatuv kameralari va raqamli tahlil platformalari bilan jihozlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor javob berish maqsadida “Call-markaz“ tashkil etish, idoralararo integratsiyani yoʻlga qoʻyish va byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarni fosh etishda zamonaviy dasturiy yechimlar, raqamli izlarni aniqlash va kiber tahlil imkoniyatlarini amaliyotga joriy etish muhimligi qayd etildi.
Yoshlar va keng jamoatchilik oʻrtasida “Kiberxavfsizlik soati“ kabi doimiy targʻibot tadbirlarini oʻtkazish orqali huquqiy savodxonlikni oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faqat nazorat emas, jamiyatni xabardor qilish va himoya qilish vazifasini ham amalga oshiruvchi muassasaga aylanishi lozimligi alohida qayd etildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






