Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatining navbatdagi oʻrganish ishlari Kosonsoy tumanida davom etdi
2025-07-23 13:45:00 / Yangiliklar

Jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etish borasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kun-u tun xizmat olib borilmoqda. Bu jarayon doirasida boshqarma rahbariyati tomonidan quyi tizimlar faoliyati oʻrganilib, amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda.
Joriy oʻrganish doirasida boshqarma boshligʻi boshchiligidagi ishchi guruh Kosonsoy tumanidagi “Yoshlik” va “Doʻstlik” mahallalari yettiligi faoliyatini atroflicha tahlil qildi. Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, fuqarolarning muammolariga manzilli yondashuvni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlar boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Oʻrganish davomida “Jar” mahallasi hududida yoʻl harakati xavfsizligi va transport infratuzilmasi holati ham tahlil qilindi. Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda yoʻllarda tirbandlikni kamaytirish, piyodalar va haydovchilarga qulaylik yaratish boʻyicha loyihalar muhokama qilindi. Bu borada mavjud muammolar yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Bundan tashqari, yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi 3-safarbarlik guruhining yangi maʼmuriy binosi bilan ham tanishildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Kosonsoy tumani ichki ishlar boʻlimi maʼmuriy binosi ham koʻzdan kechirildi. Bu yerda yaratilgan moddiy-texnik sharoitlar, xodimlar uchun tashkil etilgan ish muhitining holati, xavfsizlik choralari va xizmat intizomi masalalari oʻrganildi. Xodimlarning joriy yilning oʻtgan davri mobaynidagi, shu bilan birga, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi davomida amalga oshirilgan ishlari tahlil qilinib, ish samaradorlikni yanada oshirish yuzasidan masʼul xodimlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.
Bu kabi oʻrganishlar ichki ishlar tizimida faoliyat samaradorligini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish va eng muhimi, aholining huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati








