Qoʻshsahifada — Yashil toifadagi «Ahillik»
2025-07-22 23:45:00 / Yangiliklar

«Ahillik» — Sirdaryo tumanidagi Qozogʻiston bilan chegarada joylashgan mahalla. Uch mingga yaqin aholi yashaydigan hudud. Ikki yildirki, mahalla «yashil» toifada. Bunga oʻz-oʻzidan erishilgani yoʻq. «Mahalla yettiligi»ning oʻzaro hamjihatlikdagi harakati, uzoqni oʻylab tuzilgan chora-tadbirlarning amalga tatbigʻi muvaffaqiyatga zamin yaratdi.
Chegara hudud boʻlgani bois, jamoat tartibini saqlash, chegarani noqonuniy kesib oʻtishlarning oldini olish vazifasi doim kun tartibida. Bu borada aholi oʻrtasida profilaktik-targʻibot ishlari muntazam olib borilyapti.
- Chegaradan ikki hatlab oʻtilsa, qozoq birodarlarimiz diyori, — deydi mahalla profilaktika inspektori, podpolkovnik Jahongir Oʻrinboyev. — Ularda ham, bizda ham kimningdir jiyani, kimningdir togʻasi, quda-andasi yashaydi.
Eʼtiborlisi, qoʻshni davlat bilan oʻzaro mustahkam qarindosh-urugʻlik aloqalariga qaramay, keyingi paytda chegarani noqonuniy kesib oʻtishga yoʻl qoʻyilmagan. Mahalla ahliga suveren davlatning oʻz iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy manfaatlari borligi atroflicha targʻib qilingan. Davlat chegaralarining daxlsizligini saqlash orqaligina jamiyatda oʻzaro tinchlik, farovonlikni taʼminlash mumkinligi uqtirilgan. Aynan shu yoʻnalishda oʻttizdan ortiq davra suhbatlari, mahalla faollarining yigʻilishlari tashkil etilgan. Mahalladagi taʼlim muassasalari, oilaviy poliklinika, korxonalarda uchrashuvlar uyushtirilgan. 1-sonli IIB tomonidan tashkil etilgan targʻibot tadbirlariga harbiy qism komandirlari ham taklif qilingan.
Yana bir gap. Aholi qoʻshni respublikaga bor-yoʻgʻi oʻn kilometr naridagi chegara oʻtkazish punkti orqali oʻtishi mumkin. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mana shunday qulayliklar natijasida chegara daxlsizligi ham, aholi osoyishtaligi ham taʼminlanmoqda. Eng muhimi, mahallada kriminogen vaziyat nazorat ostida.
