IIV Akademiyasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) mustaqil maslahatchisi Pyer Rober bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-03-06 10:45:00 / Yangiliklar

Xorijlik mutaxassisni Akademiya boshligʻining axborot texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Najmiddin Toʻraxodjaev kutib oldi.
Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi ishonchli va strategik hamkorlik barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani eʼtirof etildi. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar va dolzarb ahamiyati xususida fikr almashildi. Xalqaro tashkilot koʻmagi bilan zoʻravon ekstremizmning oldini olish, yuvenal adliya tizimini rivojlantirish, gender tenglik, kiberxavfsizlik va boshqa yoʻnalishlarda tashkil etilayotgan hamkorlikdagi oʻquv kurslari oʻzaro tajriba almashish uchun keng yoʻl ochayotgani taʼkidlandi.
Pyer Rober tashkilot faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida maʼlumot berdi. Uning qayd etishicha, “Markaziy Osiyo — Germaniya” formati doirasida mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash hamkorlikning ustuvor tamoyili sanaladi.
Muloqot davomida Akademiya vakillari tomonidan qator takliflar bildirildi. Tomonlar hozirgi geosiyosiy tahdidlar sharoitida hamkorlikni faollashtirish, qoʻshma loyihalar boʻyicha “yoʻl xarita”da chora-tadbirlarni belgilab olish, munosabatlarni yangi formatda davom ettirishga kelishib oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati


