Qoʻshsahifada — Sirdaryo viloyati. Xizmatni sharaf bilib
2025-07-21 23:00:00 / Yangiliklar

Bugun viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida fuqarolarni deyarli uchratmaysiz.
Soʻnggi yillarda yurtimizda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish borasida olib borilgan hayotbaxsh oʻzgarishlar, sohada innovatsion texnologiyalarning keng qoʻllanilishi fuqarolar uchun katta qulaylik yaratgan.
Endilikda, deylik, xorijga chiqish istagida boʻlgan fuqaro viloyat markazidagi boshqarmaga kelishi shart emas. U oʻzi istiqomat qiladigan yoki yaqin hududdagi IIB M va FRBga murojaat qilishi, bir necha daqiqadayoq hujjatlarni rasmiylashtirishi mumkin.
Keyingi paytda oʻqish, mehnat qilish, sayyohlik maqsadlarida chet elga chiqish holatlari koʻpaymoqda, — deydi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari mayor Zafarjon Usmonov. — Ayniqsa, yosh avlod vakillarining chet elga oʻqish uchun yoʻl olayotgani quvonarli hol.
Guliston tumanida yashovchi Hamida Nasriddinova ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritib, Germaniyada oʻqishga qaror qildi.
Yurtim pasporti — faxrim, gʻururim, — deydi Hamida. — Uni qoʻlimga tutqazishganida vujudimni hayajon chulgʻab oldi.
Joriy yilda xorijga chiqish pasportini Davlat xizmatlari markazi orqali yuzdan ortiq fuqarolar olishdi. Ularning pasportlari oʻz vaqtida yetkazib berilgan.
Xitoylik Yu Chji Van Shirin shahrida barpo etilayotgan bugʻ-gaz qurilmasida quruvchi-muhandis boʻlib olti oydan beri ishlaydi. Shirin shahar IIB M va FRB orqali hujjatlari tez, ovoragarchiliklarsiz rasmiylashtirib berilgan.
Chet el fuqarolariga yurtimizda boʻlish tartibi, qonunchiligimiz talablari tushuntirilayotgani bu borada qonunbuzarliklarning oldini olishda katta ahamiyatga ega boʻlmoqda, -deydi viloyat IIB M va FRB inspektori, safdor Ibrohim Boʻribekov.
Qolaversa, tez-tez chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarda boʻlib, ular bilan muloqot qilib turiladi. Bu oʻzaro ishonch, hurmat ruhini shakllantirmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Sirdaryo viloyati.
