Samarqand viloyati Bulungʻur tumanining “Qizil” toifadagi mahallalarida kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
2025-07-20 19:05:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati IIB boshligʻi polkovnik Rahmat Mamatov Bulungʻur tumanining “Gʻoʻbdin” mahallasida boʻlib, hududdagi kriminogen vaziyat hamda mahalla yettiligi faoliyati bilan tanishdi.
Oʻrganishlar davomida mahallada sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatchilarning oldini olish, janjalli va ajrim yoqasidagi oilalar bilan muntazam muloqotda boʻlish, aholi gavjum joylarga kuzatuv kameralari oʻrnatish topshiriqlar berildi.
“Qoʻriqlovga olingan obyektlar, markaziy koʻcha va xiyobonlar, maktab hamda boshqa gavjum maskanlarda videokuzatuv kameralarining muntazam ishlashi hudud xavfsizligi uchun xizmat qiladi”, dedi Boshqarma boshligʻi.
Bugun mahalla yettiligi xalq bilan birga, yonma-yon xizmat olib borishi belgilangan. Fuqarolar bilan muloqot chogʻida yangicha ish uslublarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, hududning kriminogen vaziyatini yaxshilash masalalariga eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlar koʻlamini yanada kengaytirish, xizmat samaradorligini oshirish yuzasidan ham fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlandi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati






