Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining 6 oylik faoliyati sarhisob qilindi
2025-07-19 11:10:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar IIBBda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari polkovnik Ayubxon Rahmatullayev va IIBB rahbariyati ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda joriy yilning 6 oyi davomida poytaxt IIBB tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida bir qator ijobiy koʻrsatkichlarga erishildi. Xususan, “mahallabay” amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, shahardagi 585 ta mahallalarning 123 tasida birorta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Yigʻilish davomida Toshkent shahar IIBB va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan qayd etilgan koʻrsatkichlardan tashqari yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar tanqidiy ruhda, har bir tuman kesimida muhokama qilindi. Kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan omillar aniqlanib, kelgusida ularni takrorlamaslik yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilish soʻnggida kelgusi chorak davomida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar va rejalar belgilab olindi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati



