Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati Qashqadaryo viloyatida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida yoʻriqnoma tashkil etdi
2025-07-18 09:00:00 / Yangiliklar

Yoʻriqnomada — mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qoʻyish borasida xizmat xodimlariga aniq vazifa va topshiriqlar yuklatildi.
Tungi xizmatga jalb qilingan xodimlarga manzilli va aniq vazifalar belgilab berildi. Ularning burchi faqatgina nazorat emas, balki fuqarolarga ishonch bagʻishlash, har bir koʻchada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash ekanligi taʼkidlandi.
Maʼlumki, mahalla — jamiyatning yuragi. Shu bois profilaktika inspektorlari tomonidan uyma-uy yurishlar tashkil etilmoqda. Ushbu jarayonda aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni oshirish, kiberxavfsizlik, oilaviy totuvlik va farzandlar tarbiyasi masalalari boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Qarshi shahri hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida Yoʻl patrul xizmati xodimlari tomonidan maxsus kuchaytirilgan reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda. Reydlar davomida transport vositalarda oʻtkir tigʻli ashyolar va sovuq qurollarni saqlab yurish holatlariga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi uqtirildi.
Yoʻriqnoma yakunida fuqarolar hayotini asrash maqsadida oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib mardlik va fidoyilik koʻrsatgan viloyat IIB JXX YHXB Transport nazorati guruhi inspektori, kichik serjant Nodir Mirzayev alohida tilga olindi.
Shuningdek, xizmat vazifalariga sidqidildan va masʼuliyat bilan yondashib, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashda yuqori kasbiy mahorat namoyon etgan bir guruh YPX xodimlariga ham IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi va Viloyat IIB rahbariyati tomonidan minnatdorlik bildirilib, pul mukofoti bilan taqdirlandilar.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









