Ichki ishlar vazirligi rahbariyati Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning olti oy yakuniga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi oʻtkazdi
2025-07-18 09:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida, Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvar kunidagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosi, 2025-yil 6 oyi davomida, jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini “fuqarobay” hal etish borasida amalga oshirgan ishlari, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar hamda kelgusidagi istiqbolli vazifalar muhokama etildi.
Muhokama yigʻilishida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Timur Ismailov, boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari, ularning barcha oʻrinbosarlari, boʻlinma boshliqlari, barcha shaxsiy tarkibi qatnashdi.
Videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari podpolkovnik Baxtiyor Inoqovning olti oy davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash, qoʻriqlash xizmati tomonidan obyektlarni qoʻriqlovga olish, hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot maʼruzasi tinglandi.
Tadbirda vazir oʻrinbosari R.Ashropov soʻzga chiqib, Prezidentimizning PQ-1-sonli Qarori ijrosi, viloyatda kriminogen vaziyat ahvoli va jinoyatchilikni jilovlash borasida koʻrilgan choralarni tanqidiy muhokama qildi hamda kelgusidagi vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, korrupsiya va tamagirlikka yoʻl qoʻymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish, xodimlarning kasbiy, xizmat hamda jangovar tayyorgarligi borasida rahbariyatning qatʼiy talab va topshiriqlarini xodimlarga yetkazdi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.
Faoliyat davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham muhokama qilinib, jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlari rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar xususida koʻrsatma hamda topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda xizmat davomida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan sohaviy xizmat hamda shahar-tuman IIBlarning ayrim xodimlari faoliyati muhokama etilib, tegishli taʼsir choralari belgilandi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati





