Ichki ishlar vazirligi rahbariyati Sirdaryo viloyatida oʻrganish ishlarini olib bordi
2025-07-18 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati va boshqa mutasaddilari ishtirokida viloyatning qizil toifadagi mahallalarda oʻrganish ishlarini olib bordi.
Joriy yilning 8-iyul kuni davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini taʼminlash chora-tadbirlariga oid taqdimotda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari oʻzi masʼul etib biriktirilgan Sirdaryo viloyatining hududlarida, ayniqsa kriminogen vaziyati ogʻir qizil toifadagi mahallalarida oʻrganish ishlarini olib bordi.
Oʻrganishlar davomida ushbu mahallar jinoyatchiligi yettilik vakillari va boshqa masʼullar ishtirokida tanqidiy tahlil qilindi hamda voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar va oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatlarni jilovlash, kiberjinoyatlarning oldini olish, aholi oʻrtasida profilaktik-targʻibot tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Vazir oʻrinbosari tomonidan kunning ikkinchi yarmida viloyatda 2025-yilning oʻtgan 6 oy yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlili va muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishini oʻtkazdi.
Ushbu yigʻilishda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining sohaviy xizmatlar masʼullari, hududiy Ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirokida tashkil etildi.
Yigʻilishda viloyatda soha vakillarining joriy yilning 6 oyi davomida qonunbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyati tahlil etildi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan tadbirda viloyatda umumiy jinoyatlar soni kamaygan boʻlishiga qaramasdan bir qator hududlarda ayrim turdagi qonunbuzarliklar ortishiga yoʻl qoʻyilgani bildirildi.
Oʻtgan yigʻilishda hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumotlar berildi. Oʻz navbatida erishilgan natijalar bilan bir qatorda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga toʻxtaldi.
Muhokamada jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hududlarda tashkiliy, tezkor hamda profilaktik tadbirlar olib borish lozimligi qayd etildi. Shu maʼnoda masʼullarga jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha koʻrsatmalar berilib, galdagi muhim vazifalar belgilandi.
Shuningdek, yigʻilishda soha xodimlari oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash, korrupsion holatlar, ayniqsa, tamagirlikka yoʻl qoʻyilishining oldini olish boʻyicha tavsiyalar berilib, zarur talablar yetkazildi.
Yigʻilish soʻngida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida jonbozlik koʻrsatgan bir guruh xodimlar vazir oʻrinbosari tomonidan munosib taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









