“Xavfsiz va sogʻlom yurt“ oyligining ikkinchi bosqichi oʻtkazilmoqda
2025-07-18 09:00:00 / Yangiliklar

Maʼlumki, joriy yil boshidan Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qaror ijrosini toʻliq va samarali taʼminlash maqsadida, poytaxtimiz IIBB tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda dastlab 15-yanvardan 15-fevralgacha “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi oʻtkazildi.
Mazkur oylik davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga koʻra kriminogen vaziyatning nisbatan barqarorlashgani, jinoyatlarning barvaqt oldi olinishi tufayli ularning soni sezilarli darajada kamaygani qayd etildi.
Poytaxt ijobiy tajribasini respublika boʻylab joriy etish maqsadida, shu yilning 15-aprelidan 15-mayiga qadar “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor profilaktik oyligi yurtimiz boʻylab olib borildi.
Mazkur oylik natijalariga koʻra poytaxtdagi mavjud 585 ta mahallaning 358 tasida kriminogen vaziyat barqarorlashib, 164 tasida bironta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Soʻnggi uch yilda “qizil” toifada boʻlgan 53 ta mahalladan 36 tasida kriminogen vaziyat barqarorlashib, firibgarlik jinoyatlari uch baravarga, oila turmush doirasidagi hamda oʻgʻirlik jinoyatlari ikki baravarga kamaydi.
Natijada “qizil” toifadagi 43 ta mahalladan 10 tasi “yashil”, 16 tasi “sariq” toifaga oʻtkazilishiga erishildi.
Bundan tashqari “qizil” toifadagi mahallalar rahbarlarga biriktirilib, bu hududlarda profilaktik-tushuntirish, yakka tartibdagi suhbatlar oʻtkazish kuchaytirildi.
Ayollar va oʻsmirlar ishtirokida sodir etilayotgan jinoyatlar ilmiy yondashuv asosida oʻrganilib, maxsus tuzilgan rejalar boʻyicha ishlar tashkillashtirildi.
Jinoyat sodir etishga moyil yoshlar soha rahbarlariga biriktirilib, maktablarda faoliyat yuritayotgan inspektor-psixologlarning ishlari kuchaytirildi.
Oylikning natijadorligi hamda jinoyatchilikning oldini olish, kriminogen vaziyatni moʻtadillashtirishdagi ijobiy koʻrsatkichlar eʼtiborga olinib, joriy yilning 15-iyulidan 15-avgustiga qadar “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligining ikkinchi bosqichiga start berildi.
Shahrimizdagi “Bunyodkor” stadionida IIV masʼullari, Toshkent shahar IIBB, Prokuratura, Milliy gvardiya rahbariyati va shaxsiy tarkib bilan yoʻriqnoma oʻtkazildi.
Yoʻriqnomada amalga oshirib kelinayotgan oylikning birinchi bosqichidagi ijobiy koʻrsatkichlari eʼtirof etilib, navbatdagi tadbirda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlarga urgʻu berildi.
Tadbir davomida, shuningdek, yuqoridagi ijobiy koʻrsatkichlarga erishishda sidqidildan, vijdonan xizmat vazifalarini bajargan bir guruh xodimlar munosib ragʻbatlantirildi.
Shu oʻrinda aziz hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlariga murojaat qilib, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligining ikkinchi bosqichida ham faol ishtirok etishlarini, har bir huquqbuzarliklar, jamiyatimizga zid xatti-harakatlar, qonunbuzilishlarga befarq, loqayd boʻlmasliklarini, har qanday salbiy holat boʻyicha ichki ishlar organlariga kechikmay xabar berishlarini soʻrab qolamiz.
Unutmang, uyingizdagi, mahallangizdagi, poytaxtimizdagi tinchlik-osoyishtalik – yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikdir. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi birgalikda kurashaylik.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati








