Ayol va jamiyat. Kasb tanlashda adashmagan
2025-07-17 23:00:00 / Yangiliklar

Qoʻngʻirot tumanida tugʻilib voyaga yetgan Nazira bolaligidanoq otasi kabi ichki ishlar organi xodimi boʻlishni orzu qilardi. Ushbu orzusini amalga oshirish maqsadida maktabda ijtimoiy fanlarga alohida mehr qoʻyib, aʼlo baholarga oʻqidi. Soʻng Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yuridik fakultetida tahsil oldi. Dorilfununni tugallab, otasiga ichki ishlarda ishlash istagini aytganida, Yedilxan ogʻa: «Bu sohada ishlash oson emas, uning masʼuliyati juda ogʻir, qizim», — deya uncha roʻyixushlik bermadi.
Nazira uch yilga yaqin davlat tashkilotlaridan birida yurist maslahatchi sifatida ishladi. Qizining ishiga puxtaligi, oʻziga talabchanligini koʻrgan ota nihoyat rozi boʻldi. Nazira Bekimbetova tizimdagi ilk faoliyatini 2013-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV 2-sonli Tergov hibsxonasida boshladi. 2019-yildan buyon esa Qoraoʻzak tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
Oʻtgan vaqt mobaynida hududdagi xotin-qizlar oʻrtasida turli huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida 78 ta xonadon oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlar davomida turli masalalarga doir 25 tadan ortiq muammo aniqlanib, bugunga qadar 22 tasi ijobiy hal etildi.
Berdaq nomidagi ovul fuqarolar yigʻinida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida bir ayolning yashash sharoiti ogʻir, turmush oʻrtogʻi 2-guruh nogironi ekanligi, shuningdek, 2 nafar farzandining shu kunga qadar identifikatsiya ID-kartalari olmaganligi maʼlum boʻladi. Mazkur masala tuman hokimligiga yetkazilib, homiylar tomonidan ushbu oilaga yangi uy qurib berildi. Ayolning bir farzandiga mahalla, ikkinchisiga esa shaxsan Nazira Bekimbetova hisobidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati uchun toʻlov toʻlab berildi.
Shuningdek, oʻtgan vaqt mobaynida profilaktik hisobda turuvchi hamda notinch oilalarda tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida xotin-qizlar oʻrtasidagi jinoyatchilik holati sodir boʻlmadi. Bundan tashqari, 51 nafar tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizga himoya orderi berildi. Mazkur order talablariga rioya etmagan qonunbuzarlarga nisbatan tegishli jazo choralari tayinlandi.
- Ayollar tabiatan hissiyotga tezroq beriluvchan boʻladi. Xizmat faoliyatim davomida bunga koʻp bora guvoh boʻlganman. Lekin bu ular har doim ham aybdor degani emas. Chunki ayrim ayollar ichida saqlab kelayotgan dard-u tashvish uncha-muncha erkakning qaddini bukishi mumkin. Shu bois xonadonlardagi oʻrganishlarda birinchi navbatda oilada muammolarga eʼtibor qaratib, ularni imkon doirasida hal etish chorasini qidiraman. Tashvishlari arigan xotin-qizlarning yuzidagi xursandchiligini koʻrsam, kasbimni toʻgʻri tanlaganimdan, boshqalarga yordamim tekkanidan faxr hissini tuyaman, — deydi kapitan Nazira Bekimbetova.
Kezi kelganda taʼkidlash joizki, maqolamiz qahramoni jamiyat hayotida faol ishtirok etish bilan birga, oilada ham namunali bekalardan biri hisoblanadi. Hozirda turmush oʻrtogʻi Jolmirza Xojanov bilan Jamalatdin va Imamatdin ismli ikki nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda.
Azamat Pirniyazov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
