Yoshlar maʼrifati va xizmatga jalb etishda yangi bosqich: maʼnaviy uchrashuvlar va mehnat yarmarkalari
2025-07-17 11:40:00 / Yangiliklar

Beshinchi mintaqaviy hududga qarashli 11-son jazoni ijro etish koloniyasida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar bilan tizimli ravishda tarbiyaviy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan boshlangan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Navoiy innovatsiyalar universitetida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat kengashi hamkorligida “Har bir millatning najotkori – ilm” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda ilmning inson hayotida tutgan oʻrni, uning qalb va tafakkurni nurlantirishi, jaholatdan najot faqat ilm orqali boʻlishi haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Shu bilan birga, ilm olish inson uchun zarurat ekanligi, u nafaqat bilim, balki sanʼat ekani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Beshinchi mintaqaviy hududga qarashli 11-son jazoni ijro etish koloniyasidagi boʻsh lavozimlarni malakali kadrlar bilan toʻldirish maqsadida keng qamrovli targʻibot ishlari ham tizimli ravishda olib borilmoqda.
Jumladan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida viloyatdagi barcha oliy va professional taʼlim muassasalarining bitiruvchi yoshlari uchun “Biznes marafon”, seminar-treninglar, motivatsion uchrashuvlar va 3000 dan ortiq boʻsh ish oʻrinlarini qamrab olgan mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ushbu tadbir doirasida jazoni ijro etish muassasasi masʼul xodimi tomonidan Ichki ishlar organlarida xizmat qilish imkoniyatlari, mavjud imtiyozlar, yaratilgan shart-sharoitlar hamda xizmatga qabul qilish tartib-qoidalari boʻyicha yoshlarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Tadbir yakunida yoshlar tomonidan berilgan savollarga javoblar berilib, xizmatga qiziqish bildirganlarga tegishli aloqa maʼlumotlari taqdim etildi.
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Axborot xizmati




