Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida yarim yillik ishlar natijasi muhokama qilindi
2025-07-17 10:30:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov ishtirokida joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokamasiga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-yanvardagi ʼʼ2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hududlar mutasaddi rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar xususida koʻrsatma hamda topshiriqlar berildi.
Shuningdek, korrupsiya va tamagirlikka yoʻl qoʻymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish, xodimlar oldida turgan burch va majburiyatlarga toʻxtalar ekan, ularning oʻz xizmat vazifasiga vijdonan yondashishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻz xizmati davomida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun ayrim rahbarlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, qattiq intizomiy jazolanishi belgilandi. Bundan barcha rahbar va xodimlar oʻzlariga tegishli xulosa chiqarishi lozimligi taʼkidlandi.
Hisobot yigʻilishi soʻngida, kelgusida viloyat ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan tashkiliy tadbirlar hamda har bir yoʻnalish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati









