Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasining 6 oylik faoliyati sarhisob qilindi
2025-07-16 17:40:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov huzurida Navoiy viloyati hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar, kelgusidagi ustuvor vazifalar hamda II chorak yakunlari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan mazkur yigʻilishda Boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat, shahar-tuman IIB rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirok etishdi.
Dastlab, viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, ichki ishlar boʻlimlari va sohaviy xizmatlar faoliyati tahlil qilindi. II chorak davomida viloyat hududida kriminogen vaziyatni yanada yaxshilash, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash hamda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hudud masʼul rahbarlarining faoliyati jiddiy tanqid ostiga olindi va bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan tezkor-profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda profilaktik ishlarning yetarlicha tashkil etilmayotganligi oqibatida YTHlari birmunchaga oshganligi alohida taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov hamda Boshqarma boshligʻi, polkovnik Azat Tasbayevlar soʻz olib, Vazirlik rahbariyati tomonidan berilgan vazifa va topshiriqlarni barcha shaxsiy tarkib alohida namuna koʻrsatgan holda vijdonan bajarishi lozimligi, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda bor bilim va salohiyatini namoyon qilish, yangicha dunyoqarash bilan xalqimiz xizmatida boʻlishlari lozimligi, tamagirlik va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilmaslik, korrupsion holatlarga yoʻl yoʻl qoʻymaslik, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni oʻz vaqtida va qonuniy tartibda koʻrib chiqishlari muhimligi aytildi.
Kelgusida jinoyatchilikni oldini olish, jilovlash va fosh etish, fuqarolar tinchligi, osoyishtaligini taʼminlash borasida chora-tadbirlar belgilanib, zarur topshiriqlar berildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati







