Ichki ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh Namangandagi “qizil” toifada boʻlgan mahallalarda oʻrganish ishlarini olib bordi
2025-07-16 09:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 8-iyul kuni davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini taʼminlash chora-tadbirlariga oid taqdimotda berilgan topshiriqlarni ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan hududlarda oʻrganish ishlari olib borilib, amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 14-iyul kuni ishchi guruh tomonidan Namangan shahrining qizil toifadagi “Obihayot”, “Sharq tongi”, “Chorsu” mahallalari, shuningdek, Davlatobod tumanining “Xalqlar doʻstligi” mahallasida oʻrganish ishlari olib borildi. Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar va oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatchilikni jilovlash, kiberjinoyatlarning oldini olish, aholi oʻrtasida profilaktik-targʻibot tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida joylashgan “Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi” va Namangan davlat texnika universiteti binolarida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish uchun oʻtkazilayotgan kirish test sinovlari oʻtkazilayotgan binolarda yaratilgan sharoitlar va xavfsizlik choralari bilan yaqindan tanishildi.
Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati








