Ichki ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligida Buxoro viloyati IIBda oʻtgan yarim yillik hisobot yigʻilishi oʻtkazildi
2025-07-15 18:00:00 / Yangiliklar

Videoselektor tarzida oʻtgan mazkur yigʻilishda, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi boshchiligida uning barcha oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim hamda boʻlinma boshliqlari va barcha shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Yigʻilishda Boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari hisobot berib, oʻtgan olti oy davomida viloyatda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarga birma-bir toʻxtalib, erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yoʻl qoʻyib kelinayotgan tizimli kamchiliklar ham sanab oʻtildi.
Jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hudud mutasaddi rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan tashkiliy, tezkor hamda profilaktik tadbirlar xususida koʻrsatma hamda topshiriqlar berildi.
Soʻzga chiqqan Vazir oʻrinbosari, viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan galdagi vazifalar xususida soʻz yuritib, shaxsiy tarkib oʻrtasida turli korrupsiogen holatlar, ayniqsa, tamagirlikka yoʻl qoʻymaslik, xizmat va ijro intizomi hamda qonuniylikni mustahkamlash borasida oʻzining tavsiya va talablarini yetkazdi.
Tadbir yakunida viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash borasidagi manzilli ishlarni bajarishda sansolarlikka yoʻl qoʻygan, masʼuliyat bilan yondashmagan mutasaddilarga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








