IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati tomonidan test sinovlari oʻtkazilayotgan obyektlarda xavfsizlik choralari oʻrganildi
2025-07-15 17:00:00 / Yangiliklar

2025-yil 15-iyul kuni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati tomonidan 2025/2026 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga qabul imtihonlari oʻtkazilayotgan joylardagi harakat xavfsizligi holati oʻrganildi.
Tashrif doirasida test sinovlari oʻtkazilayotgan obyektlardagi umumiy harakat xavfsizligi holati atroflicha tahlil qilindi. Bu jarayonda piyodalar va transport vositalari harakati, yoʻl infratuzilmasi, belgilangan harakat tartibi hamda ishtirokchilar oqimini xavfsiz va tartibli tashkil etish choralari koʻrib chiqildi.
Joriy yilning 14-iyulidan 23-iyuligacha test sinovlari 2-bosqichda boʻlib oʻtadi. Bu davrda respublika boʻyicha 39 ta obyektda joylashgan 65 ta binoda, jami 671 397 nafar abituriyent oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun test sinovlarida ishtirok etadi.
Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati barcha fuqarolardan, ayniqsa, sinov joylari atrofida harakatlanayotgan haydovchi va piyodalardan ehtiyotkor boʻlishlarini soʻraydi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi Axborot xizmati






