Jinoyatga jazo muqarrar. Tezkorlik va hushyorlik bilan
2025-07-15 23:00:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni fosh etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Quyida tezkorlik bilan fosh etilgan bir necha jinoyatlar tafsiloti bilan tanishtiramiz.
Tungi soat 01:20 lar atrofida viloyat IIBB Qoʻriqlash boshqarmasiga Boʻstonliq tumani Gʻazalkent shahridagi qoʻriqqa olingan savdo doʻkonidan signal tushdi. Tezkor guruh 3 daqiqa ichida voqea joyiga yetib bordi.
Eng qizigʻi, qoq yarim tunda doʻkonga oʻgʻirlikka tushgan shaxs Sarvar Sadirov (voqea ishtirokchisining ism-sharifi oʻzgartirildi) qochishga urinib qoʻlidagi pichoq orqali oʻzini jarohatlash bilan tahdid qiladi.
Xodimlar tomonidan koʻrilgan choralar natijasida Boʻstonliq tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan bu kimsa zararsizlantirilib, hodisa joyida qoʻlga olindi.
Navbatdagi holat ham oʻgʻrilik boʻlib, Chinoz tumani dehqon bozorida sodir etilgan. Afsuski, bu bir emas, 4 nafar shaxs ishtirokida.
Ammo jinoyat shu kuniyoq fosh etildi. Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida savdo rastalaridan taxminiy narxi 5,2 mln soʻmlik qoʻl telefonlari va aksessuarlarni oʻgʻirlab, voqea joyidan yashiringan “shovvoz”lar qoʻlga olindi.
Gumonlanuvchi shaxslar tomonidan oʻgʻirlangan buyumlar esa jabrlanuvchilarga qaytarildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bugungi zamonaviy dunyoni turli texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Soʻnggi yillarda insoniyatning internet va axborot texnologiyalari sohalaridagi ixtirolari natijasida axborot makonidan foydalanuvchilar soni oshdi, uning pozitiv va negativ taʼsir doirasi ham kengaydi.
Eng yomoni, jinoyatlarning yangi turi — kiberjinoyatlar yuzaga keldi. Anglaganingizdek, galdagi voqea aynan yuqoridagi mulohazalarimizga toʻliq mos keladi.
Viloyat IIBB Kiberxavfsizlik boʻlimi va Chinoz tumani Ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar davomida Telegram messenjeri orqali firibgarlik bilan shugʻullanib kelgan shaxs aniqlanib, ushlandi.
Bunga Chinoz tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaro Amir Nazarovning Ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilib, Telegramda “Bunyodbek” nomli profil orqali onlayn daromad olish niyatida 5 million 850 ming soʻm pul oʻtkazganini va aldanganini bildirib qonuniy chora koʻrishni soʻragani sabab boʻldi.
Surishtiruvlar davomida ushbu firibgarlikni Buxoro viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgani oydinlashdi.
U messenjerda 10 dan ortiq soxta profillar ochib, odamlarni “treyding” orqali daromad topishga ishontirgan va ularning pul mablagʻlarini oʻzlashtirib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov, Toshkent viloyati.
