Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bir necha masalalarga bagʻishlangan navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi
2025-07-15 09:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining huquqiy muhofazasini taʼminlashga qaratilgan bir qator masalalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasini xor boʻlib ijro etishdan boshlangan yigʻilishda viloyat studiyasi orqali Buxoro viloyati hokimi, viloyat prokurori, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, sohaviy va tarmoq xizmatlar rahbarlari, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar Idoralararo muvofiqlashtiruvchi Kengash hamda IIB huzuridagi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha Idoralararo komissiyaga aʼzo organlarning mutasaddilari ishtirok etdi.
Tuman va shahar studiyalari orqali esa barcha tuman va shahar hokimlari, prokurorlari, IIB boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, shuningdek, yuqoridagi Kengash hamda Idoralararo komissiyaning hududiy darajadagi idoralari rahbarlari va masʼul mutaxassislari jalb etildi.
Bunda quyidagi masalalar, jumladan:
-viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash, mavjud muammolar, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli va galdagi ustuvor vazifalar.
-Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kunidagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori asosida joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar.
-nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarni aniqlash va ularga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish tartibini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar.
-viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha Idoralararo komissiyasining faoliyati natijalari.
-Buxoro tajribasi asosida mahallalarda (Buxoro shahrining “Sifatmoʻniy“, Gʻijduvon tumanining “Sharq“, Kogon tumani “Oʻzbekiston“, Kogon shahar “Beruniy“, Qorakoʻl tumani “Qoraxoji“ mahallalarida) sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning muhokamasi tanqidiy muhokama qilindi.
Yigʻilish davomida har bir masala yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Hisobotlar tanqidiy ruhda tahlil qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, samarasiz faoliyat va masʼuliyatsizlik holatlari ochiqchasiga muhokama etildi.
Ayniqsa, profilaktika ishlarida sustkashlikka yoʻl qoʻygan, jinoyatlarning oldini olishda kerakli tizimli yondashuvni taʼminlamagan rahbarlar faoliyati keskin tanqid qilindi.
Bunday holatlarga yoʻl qoʻygan idora va mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan tashkiliy va intizomiy choralar koʻrish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, har bir masala boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ularning ijrosi va natijasi mutasaddi rahbarlarning shaxsiy javobgarligi asosida nazoratga olindi.
Yigʻilish yakunida xizmat burchini vijdonan ado etib, ichki ishlar tizimida yuqori natijalarga erishgan, fidokorona faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlar tantanali ravishda ragʻbatlantirildi. Ularning zimmasidagi masʼuliyatli vazifalarni namunaviy bajarayotgani alohida eʼtirof etildi va tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ularga bildirilgan chuqur minnatdorlik soʻzlari orqali ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati yuksak qadrlandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






