Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi fuqarolar qabuli oʻtkazildi
2025-07-14 13:30:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyatida ichki ishlar tizimi faoliyatini xalq bilan yaqinlashtirish, fuqarolarning dard-u tashvishlarini bevosita eshitish va hududlardagi muammolarga joyida hal etiladigan yechimlar topish maqsadida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Rahmat Mamatov boshchiligida oʻtgan fuqarolar qabuli davomida aholi turli sohalarda duch kelayotgan muammolarni ochiq-oshkora bayon etishdi.
Qabul chogʻida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ish bilan taʼminlash kabi ijtimoiy-huquqiy masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, oilaviy nizolar, aliment undirish, firibgarlik holatlari kabi fuqarolar hayotida jiddiy taʼsir oʻtkazayotgan masalalar ham muhokama etildi.
Aniqlangan har bir muammo yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, masʼullarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar esa shunday qabul jarayonining oʻzidayoq ijobiy hal etildi.
Bunday ochiq muloqotlar aholi bilan davlat organlari oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish hamda muammolarni yengil emas, balki samarali yechimlar orqali bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati









