Navoiy viloyati IIB boshligʻi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan oliy taʼlim muassasalariga kirish test imtihonlari oʻtkaziladigan joylarda oʻrganishlar olib borildi
2025-07-13 09:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda respublikamiz boʻylab oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini adolatli, shaffof va xavfsiz oʻtkazish uchun puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda va abituriyentlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Azat Tasbayev va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan imtihonlar oʻtkazilishi belgilangan binolarda oʻrganishlar olib borildi. Oʻrganishlar davomida test jarayonlariga tashrif buyuruvchi fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashga doir koʻrilgan chora-tadbirlar, hududda oʻrnatilgan videokuzatuv tizimlarining holati, tibbiy va maishiy sharoitlarning shay holatga keltirilganligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli xil favqulodda holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Xizmatga jalb etilgan kuch tuzilmalari xodimlari va masʼullarga test jarayonlarini qonuniylik, xolislik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etish, tegishli tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, test sinovlari oʻtkaziladigan har bir hududda muhim axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlarni yaratish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati




