Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari boʻlib oʻtadigan joylarda yaratilgan shart-sharoitlar va xavfsizlik masalalari oʻrganildi
2025-07-13 09:55:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 14-iyul kunidan yurtimizda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari boshlanadi. Test sinovlarini adolatli va xavfsiz oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, sinovlar boʻlib oʻtadigan binolarning texnik holati, xavfsizlik tizimi va umumiy tayyorgarligi mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Samarqand viloyati IIB boshligʻi polkovnik Rahmat Mamatov joriy yilgi qabul jarayonlari oldidan shahardagi test sinovlari boʻlib oʻtadigan binolarda boʻldi. Bu yerdagi kirish-chiqish joylari, kuzatuv kameralari, yongʻin xavfsizligi tizimlari, evakuatsiya yoʻnalishlari va tibbiy xizmatning tayyorgarlik holati koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, Pastdargʻom tumanida joylashgan Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyat boʻlimi binosidagi sharoitlar ham oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Sinov kuni jamoat tartibini taʼminlash, yordam koʻrsatish va tezkor choralar koʻrish uchun masʼul xizmatlarning navbatchiligi tashkil etilmoqda.
Test sinovlari paytida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, abituriyentlar uchun munosib sharoit yaratish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois, tayyorgarlik ishlari qatʼiy nazorat va hamkorlikda olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati






