2025/2026 oʻquv yili uchun oliy va professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarini oʻtkazish davrida xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlariga doir kengaytirilgan tezkor yigʻilish oʻtkazildi
2025-07-13 09:50:00 / Yangiliklar

Yigʻilishga Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi rahbarlik qildi. Unda viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼul rahbarlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, Buxoro viloyati Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbarlari hamda boshqa tegishli idora va xizmatlar mutasaddilari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda Joriy yilning 14-23-iyul kunlari 2-smenada Buxoro viloyatidagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat boʻlimi hamda “Yoshlik“ sport majmuasida test sinovlari tashkil etilishi belgilanganligi sababli, ushbu manzillarda xavfsizlik choralarini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun qulay va osoyishta muhit yaratish masalalari keng muhokama qilindi.
Sinovlarga hamroh boʻlib keladigan fuqarolar toʻplanadigan maxsus joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar, huquqiy targʻibot va tushuntirish ishlarini tashkil etish, shuningdek, monitorlar orqali mavzuga doir videoroliklarni namoyish etish kabi chora-tadbirlar yuzasidan ham aniq vazifalar yuklatildi.
Yigʻilish davomida shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirish, xizmat intizomiga qatʼiy rioya etish, ehtimoliy favqulodda holatlarga tezkor munosabat bildirish, hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikda faoliyat olib borish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilish yakunida barcha mutasaddi idora va xizmat rahbarlariga belgilangan vazifalarni masʼuliyat bilan bajarish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini toʻliq taʼminlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






