Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilma va hududiy boʻlimlari xodimlari oʻrtasida “Kasbiy olimpiada oʻyinlari” musobaqasining viloyat bosqichi oʻtkazildi
2025-07-10 13:55:00 / Yangiliklar

Oʻtkazilgan musobaqada ishtirokchilar jismoniy tayyorgarlik boʻyicha: qoʻl jangi usullari, 100 metr, 3000 metr va 1000 metrga yugurish, toʻsin (turnik)da tortilish, yagona toʻsiqlar yoʻlagida bajariladigan umumiy nazorat mashqi boʻyicha meʼyorni bajarish, 100 metrga suzish, yotgan holda tayanib qoʻllarni bukib-yozish, ayol xodimalar uchun 100 metrga va 1000 metrga yugurish, kuch ishlatish kompleks mashqlari, erkin usulda suzish hamda jangovar tayyorgarlik boʻyicha: amaliy oʻq otish, tabel qurolini qismlarga toʻliqsiz ajratish va yigʻish kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro bellashishdi. Shuningdek, ishtirokchilar kasbiy tayyorgarlik hamda kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi boʻyicha test savollariga ham javob berishdi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish, tizimda xizmat olib borayotgan eng yaxshi safdor, serjant hamda ofitserlarni aniqlash, ularning xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha olgan nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazish, xodimlarning jangovar tayyorgarligi, turli xil jismoniy va ruhiy yuklamalarni yengib oʻtashdagi mahorati hamda jangovar vazifalarni bajarishga shayligini tekshirish, xodimlarning muhim vazifalar hamda maxsus tadbirlarni bajarish chogʻida doimiy shaylik, harakatchanlik va oʻzaro uygʻunlikdagi harakatini taʼminlash, tizimda sogʻlom raqobat va oʻzaro musobaqa muhitini yaratish, ichki ishlar organlarida xizmat qilish oliy burchligini, Vatanga sadoqat, oʻz kasbiga mehr hissini, xizmatning professionalligini oshirish, xodimlarning kasbiy yuksalish, bilim va koʻnikmalarini oshirishga boʻlgan qiziqishlarini shakllantirish, boʻlinmalarda jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirishning uzluksizligini taʼminlash orqali yuqori darajadagi kasbiy tayyorgarlikka ega xodimlarni tanlab olish hisoblanadi.
Kasbiy olimpiada oʻyinlarining viloyat bosqichida “Eng yaxshi safdor”, “Eng yaxshi serjant”, “Eng yaxshi kichik ofitser”, “Eng yaxshi katta ofitser” yoʻnalishlari gʻoliblari Respublika bosqichida ishtirok etishadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









