Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi 7531-sonli harbiy qism harbiy xizmatchilariga bir qator ustuvor vazifalar belgilandi
2025-07-08 09:50:00 / Yangiliklar

Tashrif harbiy qism saf maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasini ijro etish bilan boshlandi. Vazir oʻrinbosari harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv chogʻida dunyo va qoʻshni davlatlardagi vaziyatlardan toʻgʻri xulosa chiqarish, vatanparvarlik bilan xizmat olib borish, harbiy qismda intizom va tartibni taʼminlash, intizomsizlik holatlariga yoʻl qoʻymaslik hamda xizmatchilarning ijtimoiy-maʼmuriy jihatdan qulay shart-sharoitlarda faoliyat yuritishlari uchun masʼul rahbarlarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Shundan soʻng, sud va rejali temir yoʻl qorovullari bilan jangovar xizmatni samarali tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berib oʻtildi. Shuningdek, konvoylash qorovullari bilan olib borilayotgan amaliy tayyorgarlik mashgʻulotlari jarayoni yaqindan oʻrganildi, maxsus transport vositalarining texnik holati hamda qism avtosaroyi hududidagi texnikalar koʻzdan kechirilib, tegishli koʻrsatmalar berildi.
Tadbir davomida vazir oʻrinbosari harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar — yotoqxona, oshxona va boshqa maishiy xizmat xonalarini koʻzdan kechirdi. Askarlarga intizombuzarlik holatlariga yoʻl qoʻymaslik va bir-birlari bilan xushmuomala boʻlish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan, navbatdagi harbiy unvonni olgan harbiy xizmatchilarga diplom va esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi





