Toshkent shahar IIBB rahbariyati aholi murojaatlarini oʻrgandi
2025-07-07 13:05:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda har bir soha va yoʻnalishda fuqarolar murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq oʻrganish hamda ular yuzasidan qonuniy choralar koʻrishga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan 110-sonli umumtaʼlim maktabida Toshkent shahar IIBB boshligʻi polkovnik Ravshan Sultanxodjayev va Mirobod tuman hokimi Anvar Sayfuddinovning aholi bilan oʻtkazgan sayyor qabuli ana shu ustuvor vazifa ijrosining uzviy davomidir.
Sayyor qabul aholini oʻylantirib kelayotgan muammolariga yechim topishga qaratilgan boʻlib, ochiq muloqot chogʻida aholining murojaatlari va savollari tinglandi.
Sayyor qabul davomida oʻn besh nafar shaxsning murojaati joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, qolganlari qoʻshimcha tekshiruv va oʻrganish talab qilganligi sababli ijro muddatlari belgilanib, nazoratga olindi.
Jumladan, Mirobod tumani IIO FMB probatsiya xizmati hisobida turgan 3 nafar fuqarolar Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Shuningdek qabul davomida 16 yoshga toʻlgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.
Qabuldan soʻng Bosh boshqarma boshligʻi shu maktab hududida tashkil etilgan yozgi bolalar oromgohida yaratilgan sharoitlarni oʻrgandi.
Maʼlumki, yoz faslida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sogʻlomlashtirish va ijobiy faoliyatga yoʻnaltirish maqsadida mamlakatimiz boʻylab “Dolzarb 90 kun” loyihasi olib borilmoqda.
Maktabdagi sogʻlomlashtirish maydonchalari, bolalar toʻgaraklari faoliyati, oʻquv xonalari, oshxona va sanitariya sharoitlari bilan mutasaddilar tanishishdi.
Shu bilan birga IIBB rahbariyati shu tumanda istiqomat qiluvchi – uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilib nafaqaga chiqqan faxriy xodim Allabergan Matniyozovning xonadoniga borib, undan xabar oldi.
Bir piyola choy ustida ish jarayonida boʻlib oʻtgan esda qolarli voqealar xotirlandi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









