Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi fuqarolar qabuli oʻtkazildi
2025-07-07 12:40:00 / Yangiliklar

Aholi bilan ochiq muloqotni taʼminlash, joylardagi mavjud muammolarga amaliy yechim topish hamda ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash maqsadida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Rahmat Mamatovning navbatdagi fuqarolar qabuli boʻlib oʻtdi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ish bilan taʼminlash, oilaviy nizolar, aliment undirish va firibgarlikka oid bir qator masalalar tinglandi.
Har bir murojaat yuzasidan tegishli tartibda huquqiy tushuntirishlar berildi.
Baʼzi muammolar oʻsha joyning oʻzida yechimini topdi.
Qolgan masalalar boʻyicha esa mutasaddi boʻlinma rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Boshqarma boshligʻi ushbu muammoli masalalarning hal etilishini shaxsan nazoratga olishini taʼkidladi.
Bunday qabullar fuqarolarning davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirish, jamiyatda qonuniylik va adolat prinsiplarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati









