Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uchun inson huquqlari sohasi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil qilindi
2025-07-06 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 3-4-iyul kunlari Toshkent viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida oʻquv kursi tashkil qilindi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil qilingan mashgʻulotlarda ichki ishlar, prokuratura va sud organlari vakillari ishtirok etdi.
Oʻquv kursida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, qiynoqqa qarshi qabul qilingan hujjatlar, xususan, Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati, qiynoqqa solish bilan bogʻliq qilmishlar uchun javobgarlik masalalari, inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirishda sud organlarining oʻrni va boshqa shu kabi dolzarb mavzular qamrab olindi.
Maʼruza va amaliy mashgʻulotlar Inson huquqlari milliy markazi vakillari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, IIV akademiyasi va Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan olib borildi.
Foydali bilim va koʻnikmalar, amaliy tavsiyalarga boy oʻtgan oʻquv kursi yakunida tinglovchilardan test sinovi qabul qilinib, ularga sertifikatlar topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati
