“Mard oʻgʻlon” – jasorat va sadoqat ramzi. Ichki ishlar safidagi jasur yosh xodim – davlat mukofoti sohibiga aylandi
2025-07-03 10:00:00 / Yangiliklar

Yoshlarning ilm-fan, xizmat, ijtimoiy hayot va Vatanga sadoqatli faoliyati doimo eʼtirof etilmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2025-yil 28-iyunda imzolangan Farmon va Qarorga muvofiq, yurtimizning har tomonlama yuksalishiga hissa qoʻshayotgan, fidokor va tashabbuskor yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida mazkur mukofotlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirda mamlakatimiz kelajagi boʻlgan yuzlab yoshlar, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan eʼtirof etildi.
Eng quvonarlisi, mukofotlanganlar orasida ichki ishlar organlari vakili ham bor. Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimi katta serjant Jandreyev Shermuhammad Mamarajab oʻgʻli “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Bu mukofot –nafaqat shaxsan Sh.Jandreyevning, balki ichki ishlar tizimidagi minglab vatanparvar yoshlarning mehnati va jasoratining munosib eʼtirofidir. Katta serjant Jandreyev oʻz xizmat faoliyatida intizom, sadoqat va matonatni namoyon etib, topshirilgan vazifalarni samarali va vijdonan bajarib kelmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB tizimida xizmat qilib kelayotgan fidokor va jasur yigitning yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlangani ichki ishlar organlari safidagi yoshlar uchun ham katta ruhiy tayanch va motivatsiya manbai boʻldi. Bu esa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xizmatga boʻlgan sadoqatni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ichki ishlar xodimlarining fidokorona xizmati, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashdagi rolini eʼtirof etish barcha yurtdoshlarimizda faxr va gʻurur tuygʻusini uygʻotadi.
Bu kabi mukofotlar esa, shubhasiz, yana koʻplab yoshlarni halol va sadoqatli xizmatga undaydi.

