30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan Ichki ishlar vazirligiga qarashli 500 nafar yosh xodimlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi
2025-07-03 09:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir tizim tarixida ilk marotaba “Yoshlar ijod saroyi”da oʻtkazilib, Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, yoshlarni ilm-fan, kreativlik va zamonaviy texnologiyalarni onlayn tarzda oʻrganishga yoʻnaltiruvchi yangi loyihalar taqdimoti bilan yodda qoldi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlanib, uni Vazirlik Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻi, polkovnik Xamza Maxsumov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
U oʻz nutqida yoshlarga qaratilayotgan davlat eʼtibori, tizimda olib borilayotgan islohotlar hamda yosh kadrlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Tadbir doirasida quyidagi istiqbolli loyihalarning taqdimoti boʻlib oʻtdi:
“Mutolaa” – kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi loyiha;
“Ibrat farzandlari” – xorijiy tillarni chuqur oʻrgatishga ixtisoslashgan tashabbus;
“Qizlar akademiyasi” – yosh xotin-qizlarni jamiyatda oʻz oʻrnini topishga yoʻnaltiruvchi dastur;
“Ustoz AI” – zamonaviy kasblar va sunʼiy intellekt asosida bilim beruvchi innovatsion loyiha.
Tadbir davomida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid ilgʻor xorijiy tajribalar, ularni mamlakatimizda qoʻllash imkoniyatlari yuzasidan ham maʼruzalar oʻqildi. Ushbu amaliy mashgʻulotlar yosh xodimlarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilish, fikr va takliflarini bildirish imkonini berdi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tadbir ishtirokchilariga 100 dona “Premium” versiyadagi imtiyozli onlayn taʼlim loyihalari uchun vaucherlar topshirildi.
Tadbir yakunida esa Vazirlik Ashula va raqs ansamblining isteʼdodli xonandasi Nurali Shukrullayev tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etilib, ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashildi.
Mazkur tadbir yosh xodimlar qalbida faxr, masʼuliyat va intilishga ilhom bagʻishladi.





