Tuman IIOFMBda. Islohotlar — yuqori natijalar garovi
2025-07-02 13:10:00 / Yangiliklar

Sergeli tuman IIOFMB 1-sonli IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Zarnigor Muhammedova joriy yil boshidan buyon bugungi kunga qadar 35 nafardan ortiq xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib, huquqiy yordam koʻrsatdi. Bundan tashqari, 205 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizga moddiy yordam berish, 32 nafarining bandligini taʼminlash, 24 nafarini tibbiyot muassasalariga yotqizish, 9 nafarining tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrdi.
— Oiladagi muammolaridan zada boʻlgan ayollarning murojaatlarini tinglab, toʻgʻri xulosa qilish, xolis va oqilona yechim topish, baʼzilarini hal qilinishi uchun mutasaddilarga yoʻnaltirishda Zarnigor kabi sergʻayrat yoshlardan umidimiz katta, — deydi «Saxovat» MFY raisi Hakimjon Karimov.
Bugungi kunda tuman IIOFMB Probatsiya boʻlimi hisobida 651 nafar shaxs turadi. Ulardan 75 nafari jinoyat sodir etishga moyil, 31 nafari jinoyat sodir etish xavfi yuqori, qolganlari esa tuzalish yoʻliga oʻtganlardir.
-Jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirilmoqda, -deydi kapitan Baurjan Kushenov. — Xususan, tadbirkor Avazbek Ehsonov rahbarligidagi «Komfort-siti» MCHJda probatsiya hisobida turuvchi oʻndan ortiq shaxslar gilam va yumshoq mebellarni yuvish bilan shugʻullanib, shu yoʻnalishdagi sir-asrorlarni puxta egallab kelishyapti.
«Sultonobod» mahallasidagi 557-sonli tayanch punkti profilaktika inspektori, kapitan Zohidjon Zufarov bir qancha yosh xodimlarning ustozidir. Orttirgan tajribasi va tayyorlayotgan shogirdlari tufayli uning xizmat faoliyatida yuqori natijalarni kuzatish mumkin. Buni mahallaning «yashil» toifada ekanidan ham bilsa boʻladi.
- Zohidjon aka bilan birga toʻrt yildan beri ishlab kelaman, — deydi leytenant Ortiqjon Inoqov. — Uning shogirdlariga aytadigan qatʼiy uch nasihati bor: fuqarolarga nisbatan toʻgʻrisoʻz, adolatli boʻlish, luqmani halol qilish, xizmat libosiga dogʻ tushirmaslik.
Leytenant Dilshod Kuliyev tuman IIOFMB kadrlar bilan taʼminlash guruhi inspektori lavozimida kitobxonlik tadbirlari, «Zakovat» bilimdonlar bellashuvlari va boshqa tarbiyaviy ishlarni oʻtkazib kelmoqda.
Isteʼfodagi serjant Mansur Abdiraimov ayni paytda tumandagi «Sohibqiron» mahalla fuqarolar yigʻini raisi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.
Mahallada 16 ta koʻp qavatli uy joylashgan boʻlib, 1376 ta xonadonda 5480 nafar aholi istiqomat qiladi.
- Mahallamizda aholi ishtirokida jinoyatchilikning har qanday koʻrinishiga qarshi murosasiz boʻlish yuzasidan muntazam uchrashuvlar oʻtkaziladi, — deydi biz bilan suhbatda u. — Bu tadbirlarda huquq-tartibot organlari vakillari qatnashib, fuqarolarga jinoyatchilik, ayniqsa, ekstremizm, giyohvandlik, odam savdosining salbiy oqibatlari tushuntirilmoqda.
Ichkilikbozlikka ruju qoʻygan, oila-turmush doirasida muntazam huquqbuzarliklar sodir etuvchilar, nojoiz xatti-harakatlari bilan farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir qiluvchi ota-onalarning qilmishlari mahalla faollari, oqsoqollar bilan muhokama qilib kelinayotgani bois joriy yilning oʻtgan davrida mahallada birorta jinoyat sodir etilmadi. Shu bois mahalla «yashil» toifada. Bunday natijalarni qoʻlga kiritishda, shubhasiz, mahalla profilaktika inspektori, katta leytenant Asadulla Mirzaliyev va leytenant Bunyodbek Alijonovning ham alohida xizmati bor.
Adolat Fayziyeva, oʻz muxbirimiz.
Abu Kenjayev, fotomuxbir.
“Postda”
