Toshkent viloyati IIBB rahbariyati oʻzlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib ularning muammolarini oʻrganishdi
2024-02-27 10:00:00 / Yangiliklar

Maʼlumki, soʻngi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi inson va uning qadri uchun ekanligi, bu jarayonda xususan yoshlarning ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, davlat rahbari topshirigʻiga asosan bir million yoshlarni qamrab olgan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalda tatbiq etilmoqda.
Shu kabi keng masshtabdagi tadbirlardan biri kuni kecha Oqqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilib, tadbirga viloyat ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar jalb qilindi.
Tumandagi “Ishga marhamat monomarkazi”da boʻlib oʻtgan tadbirda Toshkent viloyati IIBB masʼullari, tuman hokimi va tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamda mutasaddilar va bir guruh yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab, mutasaddilar tomonidan yoshlarning turli mazmundagi murojaatlari tinglanib, yechim topish choralari koʻrilgan boʻlsa, ularning bandligini taʼminlash maqsadida 20 nafar yoshlarga Monomarkazda kasb oʻrganishga, 10 nafariga esa ishga kirish boʻyicha yoʻllanma berildi.
Shuningdek, tadbir davomida 100 dan ortiq yoshlar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, salomatligida muammosi boʻlgan ayollarga muolaja qilish belgilandi.
Shuningdek, oila-turmush doirasida turli vaziyatlarga tushib qolgan qizlarga huquqiy maslahatlar berilib, ularning ruhiy salomatligini mustahkamlash maqsadida psixologik trening tashkil etildi.
Shu kabi tadbir davomida, yoshlar orasida sportni ommalashtirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida, mahalla qizlari oʻrtasida voleybol musobaqasi oʻtkazildi va gʻoliblar tashkilotchilarning sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Umuman olganda, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kelgusida jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻladigan shaxs boʻlib yetishishlarida bu kabi tadbirlar oʻz samarasini berishi bilan ahamiyatlidir.
Yoshlar muammolarini manzilli hal qilishga qaratilgan shu kabi tadbirlar Toshkent viloyatining barcha shahar-tumanlarida oʻtkazilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmat








