IIVning ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchilarining Xitoyga tashrifi: oʻzaro hamkorlik va tajriba almashish maqsadida
2025-07-01 12:20:00 / Yangiliklar

Xitoy Xalq Respublikasi bilan Ichki ishlar vazirligi taʼlim tizimi yoʻnalishida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mustahkam aloqalarni oʻrnatish, sohada amalga oshirilgan islohotlar bilan yaqindan tanishish hamda oʻzaro tajriba almashish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori, podpolkovnik Asliddin Begboyev va bir guruh oʻquvchilar 2025-yil 24–28-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasida boʻlishdi.
Tashrifdan asosiy maqsad – taʼlim sohasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, Xitoydagi islohotlar va tajribalar bilan yaqindan tanishish, oʻquvchilarda ekologik madaniyat va tarixiy merosga hurmat tuygʻusini shakllantirishdan iborat boʻldi.
Dastlab, delegatsiya Chendu shahridagi “Pandalarni yetishtirish va rivojlantirish markazi“, qadimiy Sichuan muzeyi va “Kuanchjay Syanzi” koʻchalari boʻylab sayohat qildi. Shuningdek, Duszyanʼyan irrigatsiya tizimi boʻylab sayr uyushtirildi. Bular oʻquvchilarga tabiatni muhofaza qilish va ekologik ongni shakllantirishga qaratilgan bilim va koʻnikmalarni boyitishga xizmat qildi.
Safarning keyingi qismida delegatsiya Sian shahridagi qadimiy davlat muzeyi va “Buyuk ipak yoʻli boshlanishi muzeyi“ga tashrif buyurishdi. Ushbu madaniy obyektlar orqali oʻquvchilar Xitoy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi tarixiy aloqalar, shuningdek, ulkan sivilizatsiya merosi bilan tanishdilar.
Tashrif yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish va taʼlim sohasida qoʻshma tashabbuslarni roʻyobga chiqarish yuzasidan qiziqish bildirdilar. Ushbu safar oʻquvchilar uchun nafaqat taʼlimiy, balki maʼnaviy jihatdan ham foydali va unutilmas taassurotlarga boy boʻldi.
Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati





