Ichki ishlar organlari tomonidan joylarda fuqarolar bilan ochiq muloqotni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda
2025-06-30 13:00:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan Oʻzbekistonning barcha hududlarida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda fuqarolar uchun sayyor va shaxsiy qabullar tizimli ravishda tashkil etilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu jarayonning bosh maqsadi — fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni tinglash va mavjud muammolariga joyida yechim topishdan iborat. Shuningdek, hafta davomida ish bilan band boʻlgan aholi uchun qulaylik yaratish hamda murojaat qilish imkoniyatini osonlashtirish maqsadida, qabullar asosan dam olish kunlari — yakshanbada oʻtkazilmoqda.
Ushbu qabullarda fuqarolar oʻzlarini qiynayotgan muammolar, huquqbuzarliklar, profilaktika, jamoat tartibini saqlash, ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga oid masalalar boʻyicha murojaat qilish imkoniga ega boʻlmoqdalar.
Jumladan, joriy yilning 29-iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbari tomonidan 80 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan 57 ta, Toshkent viloyatida 43 ta, Sirdaryo viloyatida 25 ta, Jizzaxda 88 ta, Samarqandda 56 ta, Qashqadaryoda 34 ta Surxondaryoda 42 ta, Fargʻonada 102 ta, Andijonda 58 ta, Namanganda 52 ta, Navoiyda 24 ta Buxoroda 70 ta, shuningdek Xorazm viloyatida 22 ta murojaatlar qabul qilingan boʻlib, ularning aksariyati oʻz yechimini topgan.
Qabul qilingan murojaatlar asosan jinoyat ishlarini tergov qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, aliment toʻlovlari, surishtiruv va tergov jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar, ichki ishlar organlaridagi xizmat oʻtish masalalari, ishga joylashish, xizmatga qayta tiklanish, amnistiya (afv) etish va mahkumlarning huquqiy holatiga oid, shuningdek mahalliy darajadagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etish va boshqa yoʻnalishlarni qamrab olmoqda.
Taʼkidlash joizki, sayyor va shaxsiy qabullar jarayonida bildirilayotgan har bir murojaatga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ularning jami 45 foizi oʻrnatilgan tartibda ijobiy hal etilgan boʻlsa, murakkab va tahliliy yondashuvni talab qiluvchi masalalar boʻyicha tegishli xizmatlarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olingan.
Shu bilan birga, qabullar davomida fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilmoqda, profilaktik suhbatlar tashkil etilmoqda va jamoatchilik bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Hududlarda ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etilayotgan bunday qabullar nafaqat murojaatlarni koʻrib chiqish, balki jamiyatda adolat, huquqbuzarlikka nisbatan murosasizlik va fuqarolik masʼuliyatini shakllantirishda muhim mexanizm sifatida xizmat qilmoqda.









