Faxriylar – faxrimiz. El eʼzozidagi inson
2025-06-30 23:00:00 / Yangiliklar

1960-yilda Qarshi tumanida tugʻilgan Halim bolaligidan texnikaga qiziqish bilan ulgʻaydi. Rahim ota va Bozor ayaning olti farzandi orasida aʼlo baholarga oʻqib, rus tilini ham puxta oʻzlashtirgan lavhamiz qahramoni maktabni 1977-yilda tugatib, Moskva Avtomobil va yoʻllar institutini imtiyozli diplom bilan tamomlash barobarida, harbiy kafedrada oʻqib, zaxiradagi leytenant unvonini oldi.
Oʻzbekistonga qaytgach, ichki ishlar organlariga hujjat topshirib, ilk xizmat faoliyatini 1982-yili Qashqadaryo viloyati IIB Davlat avtomobil nazorati boʻlimi yoʻl harakatini tashkil qilish guruhi katta muhandisi lavozimida boshladi. Dastlabki koʻnikmalarni ustozi, isteʼfodagi podpolkovnik Murodulla Xudoyqulovdan oʻrgandi.
Berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida, bekam-koʻst bajarishga intildi.
Qariyb 8-yil bir vazifada ishlab, sohaga oid bilim va malakasini oshirdi. Yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasidagi saʼy-harakatlari Halim Joʻrayevning boʻlinma boshligʻi boʻlib ishlashida mustahkam poydevor boʻldi.
Soʻngra viloyat IIB Davlat avtomobil nazorati boʻlimi yoʻl-patrul xizmati alohida rotasi sardori, Qarshi tumani IIB DANB boshligʻi, viloyat IIB DANB boshligʻining shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida samarali xizmat qildi.
Viloyat IIB Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlangan Halim Joʻrayev yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, avariya oʻchoqlari va piyodalar gavjum joylarga svetoforlar oʻrnatish, yoʻl-transport hodisalari va qoidabuzarliklarning oldini olishda amaliyotga ilgʻor tajribalarni amaliyotga joriy etishga bosh-qosh boʻldi.
Lavhamiz qahramonining 34-yillik xizmat faoliyati keyingi yillari viloyat IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash hamda Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari boshligʻi lavozimlarida kechdi.
Koʻplab shogirdlarni tarbiyaladi. Jumladan, isteʼfodagi polkovnik Erkin Qurbonov, isteʼfodagi podpolkovnik Alisher Xoʻjayev Halim akani ustoz deya eʼzozlashadi.
2016-yilda polkovnik unvoni bilan pensiyaga chiqqan Halim Joʻrayev turmush oʻrtogʻi Sayyora opa bilan toʻrt oʻgʻil, ikki qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi.
Ot oʻrnini toy bosar, deganlaridek, hozir ikki farzandi ota kasbini davom ettirmoqda. Katta oʻgʻli Alisher Joʻrayev Qarshi shahar IIO FMB JQB boshligi, podpolkovnik, kichik oʻgʻli katta leytenant Bahodir Joʻrayev esa viloyat IIB JXX YHXB YPXB maxsus otryadi komandiri-ning oʻrinbosari.
©️ “Postda” gazetasi, Sodiq Rahimov, Qashqadaryo viloyati.
