Buxoro viloyati IIB rahbariyatining fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha sayyor qabuli tashkil etildi
2025-06-30 09:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi boshchiligida aholi bilan ochiq muloqotlar oʻtkazish, fuqarolar murojaatlarini oʻrganish va ularga tezkor munosabat bildirib, joyida hal etish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning navbatdagisi Buxoro tumanida boʻlib oʻtdi.
Jumladan, tumanning “Rabotak” mahallasida boshqarma boshligʻining fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha sayyor qabuli tashkil etildi.
Qabul davomida 40 dan ortiq fuqarolar tomonidan bildirilgan sud-huquq, tergov-surishtiruv, ichki ishlar organlari faoliyati, ishga tiklash, ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy muammolar yuzasidan murojaatlari individual yondashuv asosida koʻrib chiqildi.
Ularning aksariyati joyida hal etildi, qoʻshimcha oʻrganish va huquqiy yechim talab etgan masalalar esa ish yurituviga olindi.
Har bir murojaat yuzasidan manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi va ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼullarga aniq koʻrsatmalar berildi.
Mazkur sayyor qabul ichki ishlar organlarining fuqarolarga yaqin boʻlishi, ularning muammolarini tinglash va amaliy koʻmak berishga qaratilgan faoliyatining yana bir amaliy ifodasi boʻldi.
Bunday sayyor qabullar Viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosarlari, hududiy IIB rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan barcha shahar va tumanlarda tasdiqlangan grafik asosida davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









