Ichki ishlar vazirligida aholi murojaatlari oʻrganildi
2025-06-30 09:00:00 / Yangiliklar

Qabul jarayonida mamlakatning turli hududlaridan kelgan fuqarolar oʻzlarini oʻylantirayotgan masalalar yuzasidan murojaat qilishdi.
Ichki ishlar vazirligi masʼullari tomonidan jami 913 nafar fuqarolardan 553 ta murojaat qabul qilindi. Murojaatchilar tomonidan koʻtarilgan masalalarni tegishli mutasaddi rahbarlar ishtirokida joyida hal etish choralari koʻrildi. Ayrim murojaatlar boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi va ular yuzasidan aniq vazifalar belgilab qoʻyildi.
Shu bilan birga, murojaatlarni koʻrib chiqishda fuqarolarning real ehtiyoj va talablarini chuqur tahlil qilish, ularning yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarini aniqlash va tizimli hal etishga alohida urgʻu berildi. Shuningdek, murojaatlarda koʻtarilgan masalalar ijrosi qatʼiy nazoratga olingani, fuqarolar manfaatlari doirasida yechim topilishi taʼminlanishi qayd etildi.
Murojaatlar asosan jinoyat ishlarini tergov qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, surishtiruv jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar, ichki ishlar organlaridagi xizmat oʻtish masalalari, ishga joylashish, mahkumlarning huquqiy holatiga oid, mahalliy darajadagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etish va boshqa yoʻnalishlarga doir boʻldi.
Qabul qilingan murojaatlardan 265 tasi (48 foizi) tegishli huquqiy asoslar bilan ijobiy hal etildi. Qolgan 288 ta murojaat (52 foizi) boʻyicha kompleks oʻrganish talab etilishi tufayli ijrosini nazoratga olish va yechimini taʼminlash boʻyicha maxsus vazifalar yuklatildi.
Shaxsiy qabul jarayonida masʼul rahbarlarga murojaatlar yuzasidan tezkor va samarali choralar koʻrish, har bir fuqaroning muammosiga qonunchilik va adolat asosida yondashish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan tashkil etilayotgan bunday qabullar fuqarolarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlash, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida faoliyat yuritishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.









