Qaror va ijro. Yoʻl qoidalari — bogʻcha yoshidan
2024-02-24 11:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 12-iyuldagi “2022-2026-yillar davomida amalga oshirilishi moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori yoʻl harakati xavfsizligi hamda taʼlim tizimi mutasaddilarini koʻp yillardan buyon qiynab kelayotgan bir muammoga yechim topdi.
Negaki, ilgari maktab va bogʻchalarda mavjud boʻlgan yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatishga ixtisoslashgan sinf xonalari, “Yoʻl qoidalari” dars soatlari ayrim sabablarga koʻra qisqarib ketgan edi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan dastur asosida 2026-yilgacha bunday sinf xonalari va maydonchalarini qayta tashkil etilishi belgilab qoʻyildi.
Bu bolalarga bogʻcha va maktab yoshidanoq yoʻl harakati qoidalarini puxta oʻrgatish, ularni qonun va qoidalarga hurmat ruhida tarbiyalash imkonini yanada oshirdi.
Fargʻona viloyatida dastur asosidagi ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Masalan, shu kungacha 114 ta maktab va 135 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatuvchi sinf xonalari tashkil etildi. Taʼlim muassasalari hovlisida esa maxsus maydonchalar yaratilib, koʻrgazmali qurollar bilan jihozlandi.
2026-yil yakuniga qadar viloyatimizdagi barcha maktablar ana shunday xonalar bilan toʻliq taʼminlanadi, — deydi viloyat IIB JXX YHXB umumiy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish guruhi katta inspektori, kapitan Sherzod Gʻoipov. — Eng muhimi, ushbu sinf xonalari shunchaki tashkil etilayotgani yoʻq.
Har birxona bolalarga yoʻl qoidalarini sodda va ravon tilda oʻrgatadigan jihozlar, koʻrgazmali vositalar va maketlar bilan taʼminlanyapti. YPX xodimlari va oʻqituvchilar tomonidan dars mashgʻulotlari reja asosida muntazam oʻtkazilyapti.
Fargʻona shahridagi 26-umumtaʼlim maktabida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, eʼtirofga sazovor.
Mazkur maskanda namuna tarzida maxsus sinf xonasi va mashgʻulotlar maydonchasi tashkil qilingan.
Sinf xonasi koʻrgazmali vositalar, svetofor, yoʻl belgilari va chorrahalar maketlari, elektron monitor hamda boshqa eng kerakli jihozlar bilan toliq taʼminlangan, — deydi maktab direktori Abdumoʻmin Nabiyev. — YPX xodimlari tez-tez maktabimizga kelib, mashgʻulotlar oʻtib berishadi.
Qolaversa, maktabimizda faoliyat olib boruvchi inspektor-psixolog, harbiy taʼlim fani oʻqituvchisi va sinf rahbarlari tomonidan ham yoʻl harakati qoidalari doimiy ravishda oʻrgatib kelinmoqda. Oʻtgan yili maktab hovlisida maxsus mashgʻulotlar maydonining qurib berilgani oʻquvchilarimizga yoʻl harakati qoidalarini mukammal oʻrgatish imkoniyatini yanada yaxshiladi.
Fargʻona tumanidagi 33-umumtaʼlim maktabida yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish borasida katta tajriba toʻplangan va bu respublika darajasida eʼtirof etilgan.
Mazkur maktabda ham toliq jihozlangan mashgʻulotlar maydonchasi bor. Oʻquvchi-yoshlar bu yerda oʻz bilimlarini oshirib, yaxshigina yutuqlarni ham qoʻlga kiritishyapti.
Masalan, maktab oʻquvchilaridan tarkib topgan “Yosh patrullar” jamoasi bir necha yildan buyon “Yashil chiroq” musobaqalarida faol ishtirok etib keladi.
Oʻtgan yili jamoa musobaqaning respublika bosqichida faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Darvoqe, dastur asosida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash maqsadida yaroqsiz holga kelib qolgan 8022 ta yoʻl belgisi yangisiga almashtirildi. 1636 ta yangi belgi qoʻyildi.
Maktablarning oldiga tezlikni cheklovchi 789 ta yoʻl belgisi oʻrnatildi.
Shu bilan birga, aholi gavjum hududlardagi oʻtish joylariga boshqariladigan 45 ta svetofor qoʻyilib, 246 ta joyga sunʼiy notekisliklar barpo etildi.
“Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturining amaliyotga joriy etilishi, maxsus sinf xonalari va maydonchalarining tashkil qilinayotgani, eng muhimi, bolalar oʻrtasida yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish sifatining oshgani qisqa vaqt ichida oʻz samarasini bera boshladi.
Jumladan, oʻtgan yili viloyat boʻyicha bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalari soni avvalgi yilga nisbatan 24 foizga kamayishiga erishildi.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
