Yangicha yondashuv asosida
2025-06-27 23:00:00 / Yangiliklar

Har bir sohada, jumladan, ichki ishlar organlarida xizmatlar va jarayonlarni raqamlashtirish bugungi kunning eng zaruriy masalalardan biriga aylandi.
Chunki hozirgi tezkor taraqqiyot ishga yangicha yondashuvni talab etmoqda.
Andijon viloyati ichki ishlar organlarida ham sohani raqamlashtirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatida “E-kadr”, “Test markazi” tizimlari, Tibbiyot boʻlimida “E-med” tizimi, Tergov boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalarida “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi, jamoat xavfsizligi xizmatida “VSX monitoringi”, “E-kinolog”, “E-patrul” tizimlari, moliyaviy-taʼminot xizmatida “E-moliya”, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatida “E-muhokama” va “Xotin-qizlar.uz”, probatsiya xizmatida “E-probatsiya” tizimi, navbatchilik qismlarida “Tezkor navbatchi” elektron bazalari toliq ishga tushirildi.
Bundan tashqari, jinoyat toʻgʻrisidagi xabar va arizalarni qabul qilish hamda rahbariyat tomonidan nazorat qilib borilishi uchun ishlab chiqilgan “E-material” elektron tizimi ham amaliy faoliyatda.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash boshqarmalari xodimlariga vazirlik tomonidan berilgan 1160 ta planshetga sohaning barcha elektron bazaviy platformalari oʻrnatildi. Albatta, bunda axborot xavfsizligiga toliq rioya etildi.
Raqamlashtirish jarayonida qilingan ishlarning eng asosiylaridan yana biri “Qalqon” dasturi platformasining yaratilishi boʻldi. Mazkur dastur asosida viloyatdagi barcha kriminogen hududlar, aholi gavjum joylar, koʻngilochar maskanlar, yirik savdo majmualariga yuz-qiyofani tanib oluvchi videokuzatuv kameralari qoʻyildi.
Shahar-tumanlarga kiruvchi yirik chorrahalar, serqatnov koʻchalarga avtoraqamlarni aniqlovchi, baland binolarga esa 360 darajada aylanuvchi kuzatuv kameralari oʻrnatilib, jami 2100 dan ziyod qurilma boshqarmadagi “Vaziyatlar markazi”ga integratsiya qilindi.
Markazning “Yagona axborot tizimi” orqali integratsiyadagi barcha kameralar orqali joylardagi vaziyat kuzatib boriladi.
Agar qayerdadir huquqbuzarlik kuzatilsa yoki muhim maʼlumot aniqlansa, bu haqda darhol kerakli boʻlimlarga xabar yetkaziladi.
Raqamli platformalarning ishga tushirilishi faoliyat samaradorligini oshirishga, jinoyat va huquqbuzarliklarning kamayishi, tinchlik-osoyishtalikning taʼminlanishiga xizmat qilmoqda.
Avval qidiruvdagi shaxsni topish yoki biron jinoyatni ochish katta amaliy harakat va koʻp vaqt talab qilgan boʻlsa, endilikda kuzatuv kameralari yordamida soniyalarda kerakli maʼlumotga ega boʻlish mumkin.
Joriy yilda viloyatdagi “qizil” toifaga mansub 118 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududlariga 1970 ta intellektual kuzatuv kamerasini bosqichma-bosqich oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, shu kungacha 71 ta mahallaga 1221 ta kamera oʻrnatib boʻlindi. 38 ta mahallada esa 749 ta qurilmani integratsiyalash ishlari davom etmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Nigora Toʻxtamatova, Andijon viloyati.
