Ichki ishlar organlari psixologlari uchun yangi bosqich: Poligraf qurilmasi boʻyicha malaka oshirish kurslari oʻtkazildi
2025-06-25 17:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ–10-sonli “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida yana bir muhim qadam tashlandi.
Ichki ishlar organlari tizimidagi mutaxassis-psixologlar malakasini oshirish, ularning zamonaviy psixofiziologik vositalardan, xususan, “Poligraf” qurilmasidan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida maxsus oʻquv kurslari tashkil etildi.
Mazkur oʻquv kursining birinchi bosqichi 2025-yil 7-apreldan, ikkinchi bosqichi esa 9-iyundan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bazasida yoʻlga qoʻyildi. Oʻquv kurslarida Ichki ishlar vazirligi tarkibiy tuzilmalari va hududiy ichki ishlar organlarining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlinmalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassis-psixologlar ishtirok etdi.
Oʻquv dasturlari asosida tinglovchilarga “Poligraf” apparati yordamida maxsus psixofiziologik tekshiruvlarni oʻtkazish boʻyicha zaruriy nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalar berilmoqda. Bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa tashkilotlardan ham malakali mutaxassislar jalb etilgan boʻlib, oʻzaro tajriba almashinuvi taʼminlandi.
Mutaxassislar roʻyxati, oʻquv dasturlari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda kurs ishtirokchilaridan olinadigan tilxatlar tegishli ilovalarga muvofiq tarzda hujjatlashtirilgan.
Maxsus oʻquv kursi yakunida barcha tinglovchilar maxsus sinovlardan oʻtkazildi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan mutaxassislarga esa 3-yil davomida amal qiluvchi sertifikatlar topshirildi. Bu esa ularning professional faoliyatida ishonchli vosita sifatida xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus Ichki ishlar organlari faoliyatida psixologik tahlil va ekspertiza darajasini yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, fuqarolar bilan ishlashda ochiqlik, adolat va ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.




