Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi INTERPA Ijroiya kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi
2025-06-22 14:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 20-iyun kuni Moʻgʻuliston poytaxti Ulan-Bator shahrida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Ijroiya kengash aʼzolari, shu jumladan, IIV akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov, tashkilotga qabul qilingan taʼlim muassasalari vakillari, xalqaro ekspert va mutaxassislar qatnashdi.
Yigʻilishni Assotsiatsiya rahbari, Turkiya milliy politsiya akademiyasi prezidenti Murat Balchi ochib berdi.
Ishtirokchilar jahonda roʻy berayotgan geosiyosiy oʻzgarishlar fonida global xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, tashkilotga aʼzo taʼlim muassasalari oʻrtasida ishonchli va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash, manfaatli aloqalarni kengaytirish, zamonaviy tahdidlar va mintaqaviy muammolarning maqbul yechimlarini ishlab chiqishga, bu borada taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratdilar.
Soʻzga chiqqanlar dunyoning turli burchaklarida ziddiyatlar avj olayotgan, terrorizm, ekstremizm, diniy radikalizm, giyohvand moddalar savdosi va boshqa transmilliy xavf-xatarlar taʼsiri kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda muntazamlik kasb etgan muloqot formatini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.
Yigʻilishda INTERPAning ustuvor maqsad va tamoyillarini amalga oshirish yoʻlidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, oʻtgan davr mobaynida birgalikda erishilgan natijalar, kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Shimoliy Makedoniya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Maldiv va boshqa davlatlar taʼlim muassasalari rahbarlarining chiqishlari tinglandi.
IIV akademiyasi boshligʻi R. Xatamov oʻz nutqida INTERPA xalqaro nufuzga ega tashkilot sifatida hamkor taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro aloqalarni rivojlantirish va tajriba almashinuvini kuchaytirish yoʻlida samarali faoliyat yuritayotganini, tashkilot Ijroiya kengashi yigʻilishlari va konferensiyalari huquqni qoʻllash amaliyotidagi eng dolzarb masalalarni qamrab olayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidladi.
Bugungi globallashuv davrida huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar va turdosh oliy taʼlim muassasalari taʼlim oluvchilarining kasbiy salohiyatini oshirib borish muhimligini qayd etdi.
Yigʻilish davomida INTERPAning navbatdagi tadbirlari va hamkorlar oʻrtasida muhokama qilinadigan masalalar yuzasidan axborot berildi. Shu kuni Ijroiya kengash yigʻilishi yakunlari boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Tomonlar global masalalarda saʼy-harakatlarni birlashtirish, manfaatli kelishuvlarni hayotga tatbiq etish orqali mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, taʼlim sohasida oʻzaro integratsiyani kuchaytirish, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi vakillari 21-iyun kuni Moʻgʻuliston harbiy va ichki ishlar tuzilmalari tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarining bitiruv tadbirida qatnashdi.
Tantanali marosimda INTERPA mehmonlari bilan birga, mamlakat hukumati aʼzolari va davlat organlari rahbarlari ham ishtirok etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





