Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining navbatdagi “Ommaviy sayyor qabul”i Muzrabot tumanida tashkil etildi
2025-06-22 10:35:00 / Yangiliklar

Yurtimizda masʼul rahbarlar tomonidan aholining dard-u tashvishi bilan yashash, ularning muammolarini oʻrganish va bartaraf etish bugunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Shu boisdan yurtdoshlarimizning oʻz turmushidan va bugungi kunidan rozi boʻlib yashashini taʼminlash har bir rahbarga alohida masʼuliyat yuklamoqda.
Fuqarolar tomonidan sud-huquq masalalari boʻyicha kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarni aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali har tomonlama chuqur oʻrganish va qonuniy hal etish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, hafta davomida kundalik mehnat faoliyati bilan band boʻlgan aholiga qulaylik yaratish hamda murojaat qiluvchilarning Ichki ishlar organlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qilishlarini osonlashtirish maqsadida, 2025-yil 21-iyun kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Timur Ismailov tomonidan Muzrabot tumani At Termiziy mahallasi hududidagi Kasb-hunar maktabi binosida jismoniy va yuridik shaxslar bilan “Ommaviy sayyor qabul”i oʻtkazildi.
Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosarlari, tegishli sohaviy xizmat rahbarlari, tuman hokimi hamda tuman masʼullari ishtirok etishdi.
“Ommaviy sayyor qabul” davomida fuqarolar oʻzlarining tergov — surishtiruv, ishga qabul qilish, yoʻl harakati xavfsizligi, fuqarolikni rasmiylashtirish, oila turmush doirasidagi nizolarga barham berish, mol-mulk mojarosi, mulkka zarar yetkazgan shaxslarga chora koʻrish, pul oldi berdi masalasi, ijtimoiy koʻmak, probatsiya hisobidan chiqarish va boshqa turli ichki ishlar sohasiga oid masalalar yuzasidan murojaatlar qilishdi.
Qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, qolgan murojaatlar sohaviy xizmatlar tomonidan koʻrib chiqish uchun muddat talab etganligi sababli, ushbu murojaatlarning ijrosi boshqarma boshligʻi tomonidan alohida nazoratiga olindi.
“Ommaviy sayyor qabul” yakunida, besh nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaroligiga tan olinganligi munosabati bilan ularga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartalari boshqarma boshligʻi tomonidan tantanali ravishda topshirilib, ularga samimiy ezgu tilaklar bildirildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati





