IIV Akademiyasida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi
2025-06-21 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “tashkiliy-shtab faoliyati” yoʻnalishlarida taʼlim olayotgan kursantlar bilan birga, ixtisoslik kafedralari professor-oʻqituvchilari ham qatnashdi.
Davra suhbatida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshqarma boshligʻi T.Altmishev, akademiya boshligʻi yordamchisi I. Himmatov va boshqalar soʻz oldi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni aniqlash orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, davlatimiz rahbarining joriy yil 3-yanvardagi qarori bilan amaliyotga yangicha yondashuvlar tatbiq qilingani tizim samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etgani taʼkidlandi.
Tadbirda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining ustuvor yoʻnalishlari, ijtimoiy profilaktikani amalga oshirishda eʼtibor qaratiladigan asosiy jihatlar, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga joriy qilinayotgan raqamli platformalar va boshqa yangilanishlar xususida atroflicha soʻz yuritilib, bitiruvchi kursantlarga zarur tavsiyalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati



