Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash — asosiy vazifamiz
2025-06-19 22:45:00 / Yangiliklar

Oʻquv jarayonining muhim qismlaridan biri sifatida IIV Malaka oshirish instituti tinglovchilari bilan vazirlik Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi taʼlim muassasalari boʻyicha boʻlimi xodimlari tomonidan “Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash — asosiy vazifamiz” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda masʼul rahbarlar, tajribali mutaxassislar hamda tinglovchilar faol ishtirok etdi. Suhbat davomida xizmat intizomi, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniylikka amal qilishi, xizmatda va kundalik hayotda yuksak odob-axloq qoidalariga rioya etish masalalari keng muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, xizmat intizomi nafaqat ichki tartib-qoidalarga rioya qilish, balki fuqarolar bilan muloqotda ham insof, masʼuliyat va adolatni taʼminlashda muhim mezon hisoblanadi.
Shuningdek, suhbatda xizmatda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklar, ularning oldini olish choralari hamda tartibbuzarlikka yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan javobgarlik choralari haqida ham maʼlumotlar berildi.
Shundan soʻng “Nafsning soʻnggi manzili” filmi namoyish etildi.
Tinglovchilar tomonidan qiziqtirgan savollar oʻrtaga tashlanib, mutaxassislar tomonidan ularga atroflicha javoblar berildi. Davra suhbati ochiq muloqot va oʻzaro fikr almashinuv ruhida oʻtdi.
Bu kabi tadbirlar xizmat intizomini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV Malaka oshirish instituti



