Buxoro viloyatining Kogon shahrida jinoyatchilikning “mahallabay” muhokamasi oʻtkazildi
2025-06-19 10:30:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati hududlarida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida yaratilgan “Buxoro tajribasi“ asosida jinoyatchilikning “mahallabay“ muhokamasi yoʻlga qoʻyilgan.
Jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi Kogon shahrining kriminogen vaziyati ogʻir “Beruniy” mahallasida oʻtkazildi.
Muhokamada viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosarlari, huquq-tartibot organlari masʼullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, ushbu mahallalar “yettilik” vakillari hamda aholisi ishtirok etdi.
Mazkur muhokama yigʻilishida, ushbu mahallada vujudga kelgan kriminogen vaziyat, joriy yilning bugungi kuniga qadar sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil boʻlgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan profilaktik tadbirlar xususida soʻz yuritildi.
Jarayonda, mutasaddilarga “Buxoro viloyati hududida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha hamkorlikdagi profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida” gi Qoʻshma qaror talablaridan kelib chiqib, joriy yilning 10-iyun kunidan 10-iyul kuniga qadar oʻtkazilishi belgilangan “Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” tadbirlarini samarali tashkil etish yuzasidan birinchi navbatda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ijtimoiy profilaktik tadbirlar xususida zaruriy koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Bu kabi tadbirlar tasdiqlangan grafik asosida barcha hududlarda navbati bilan amalga oshiriladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









