Chekka hududlarda. “Nazarxan” endi “yashil” toifada
2025-06-18 23:00:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumaniga kirib kelayotgan har bir kishi “Nazarxan” ovul fuqarolar yigʻini hududidan oʻtadi. Mazkur hududning tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida bu yerda Nazarxon ismli oʻziga toʻq kishi istiqomat qilgan. Uning katta hovlisi karvonsaroy vazifasini oʻtagan.
Hududdan oʻtgan savdogarlar hovlisiga toʻxtab, savdo-sotiq ishlarini amalga oshirgan, oziq-ovqat zaxiralarini toʻldirishgan.
Ayni kunda ham hudud joylashuvi jihatdan oʻzining ahamiyatini yoʻqotgan emas.
Chunki bu yerdan xalqaro ahamiyatdagi A-380 avtomagistrali oʻtadi. Ovul Turkmaniston Respublikasi, Nukus shahri va Qoraoʻzak tumani bilan chegaradosh hisoblanadi.
Shuningdek, “Chilpiq” tarixiy-madaniy yodgorligi hamda “Baday toʻqay” qoʻriqxonasi joylashgan. 2023-yildan buyon ovul fuqarolar yigʻinida tinchlik-osoyishtalikni saqlash profilaktika katta inspektori, kapitan Janabay Shamuradov zimmasiga yuklatilgan. Lavhamiz qahramoni oʻtgan vaqt mobaynida qator jinoyatlarning fosh etishga erishdi.
Masalan, tumanda faoliyat olib boruvchi fermer xoʻjaliklaridan birining rahbari bir necha kunlar mobaynida suv chiqaruvchi nasosdan tanaffussiz foydalanadi.
Bu profilaktika inspektorida shubha paydo qiladi. Sababi, ushbu kunlar oraligʻida nasos uchun sarflanadigan elektr energiyasi uchun toʻlov ancha miqdorni tashkil etishi lozim edi.
Tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruv davomida fermer elektr energiyasidan oʻgʻrincha foydalanib kelgani maʼlum boʻladi.
Holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida yetkazilgan 600 mln soʻmdan ortiq zarar undirilib, qonunbuzarga nisbatan tegishli jazo tayinlanadi.
Hudud oʻtgan yillar davomida “sariq” toifada boʻlib kelgan. Kapitan J.Shamuradovning saʼy-harakatlari tufayli joriy yilda ovul “yashil” boʻldi.
Bugungi kunda “Nazarxan” ovul fuqarolar yigʻinidagi 870 ta xonadonda 4495 nafar fuqaro istiqomat qiladi, — deydi kapitan J.Shamuradov. — Ular turli millat vakillaridan tashkil topgan boʻlib, aholining ahil-inoqligi, tinchligini taʼminlash maqsadida OFY raisi Jumabek Aytmuratov bilan bamaslahat ish olib boramiz.
Zero, ushbu hamkorlik va ogohligimiz tufayli hududimiz jinoyatchilikdan holi hududlar qatorida boʻlishiga erishib kelmoqdamiz.
Hududdan xalqaro ahamiyatdagi avtomagistral oʻtgani bois koʻpchilik huquqbuzarlik holatlari yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq boʻlib kelmoqda.
Birgina oʻtgan yilni olib qaraydigan boʻlsak, qayd etilgan 17 ta qonunbuzarlikdan 11 tasi yoʻl-transport hodisalarini tashkil etgandi. Shu boisdan, mazkur avtomagistraldagi ikkita piyodalar yoʻlakchasiga kechasi yoritib turuvchi chiroqlar, ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatildi.
Hududda mahalla yettiligi tomonidan ish olib borilishi davomida profilaktika inspektori tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 300 dan ortiq xonadon oʻrganib chiqilgan.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan muammolar yuzasidan 35 ta xulosa berilgan. Bugungi kunga qadar muammolarning aksariyat qismi oʻzining ijobiy yechimini topgan.
Taʼkidlash joizki, profilaktika inspektori uchun barcha qulayliklarga ega toʻrt xonali xizmat uyi ajratilgan. Oilasining yonida boʻlishi uning xizmatni chin koʻngildan, bexavotir olib borishiga zamin yaratmoqda.
Turmush oʻrtogʻi Anargul Otepova oʻqituvchi. Ular birgalikda Miyirbek, Gulbahor va Qallibek ismli farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Azamat Pirniyazov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
