Interpolning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Gruziya uchun “WATCHMAKER” loyihasi ishchi guruhining 2-yigʻilishi oʻz ishini yakunladi
2025-06-17 10:50:00 / Yangiliklar

Toshkentda Interpolning Xalqaro jinoyat politsiyasi Bosh kotibiyati tomonidan tashkil etilgan “WATCHMAKER” loyihasi boʻyicha ishchi guruhining uch kunlik yigʻilishi muvaffaqiyatli yakunlandi. Ushbu tadbir Oʻzbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi muvofiqlashtiruvida Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning kimyoviy tahdidga qarshi kurashish va qoʻlbola portlovchi qurilmalarni aniqlash boʻyicha faoliyat yurituvchi mintaqaviy vazirlik va idoralari vakillari ishtirokida oʻtkazildi.
Toshkentda boʻlib oʻtgan Interpolning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Gruziya uchun “WATCHMAKER” loyihasi ishchi guruhining 2-yigʻilishi yakunlandi. Unda Oʻzbekiston Respublikasidan IIV, DXX, Milliy gvardiya va FVVning turli xizmatlari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya ishtirokchilarning Interpol maʼlumotlar bazalari, maʼlumotlarni boshqarish tizimlari, kimyoviy yoki portlovchi moddalar bilan bogʻliq hodisalarga qarshi kurashish uchun ishlab chiqilgan maxsus vositalarni tushunishi va ulardan foydalanishini takomillashtirishga qaratildi. Shuningdek, Interpolning kimyoviy va portlovchi qurollarning global tahdidlariga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlari haqida fikrlar bildirildi. Uchrashuv davomida barcha delegatsiyalar taqdimotlar bilan chiqish va milliy hamda xalqaro xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur boʻlgan mavjud salohiyatni muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
Uchrashuv sertifikatlarni topshirish marosimi bilan yakunlandi. Bu Oʻzbekiston va umuman mintaqaning xavfsizlik imkoniyatlarini mustahkamlash, global miqyosda kimyoviy va portlovchi moddalarga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda navbatdagi muhim qadam boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi



