IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan Surxondaryo va Toshkent viloyati hududida giyohvandlik vositalarini sotayotgan shaxslar daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi
2024-02-20 20:15:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy tarqalishiga qarshi kurashish yoʻnalishida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning 24-yanvar kuni oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida 1980-yilda tugʻilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan va 1982-yilda tugʻilgan shaxslar Ohangaron shahrida joylashgan “Anxor” choyxonasi avtoturargohida 1 kg 10 gramm gashish giyohvandlik vositasini 22.000 AQSH dollari evaziga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi IIV TQD va Surxondaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan Surxondaryo viloyatining, Denov tumanida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri natijasida, 1979-yilda tugʻilgan va muqaddam sudlangan, 1980-yilda tugʻilgan, shaxslar Denov tumani hududida 990 gramm gashish giyohvandlik vositasini 12.000 AQSH dollari evaziga sotish maqsadida olib kelgan vaqtida ushlandilar.
Mazkur holatlar yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda giyohvandlik vositalarining Oʻzbekiston Respublikasiga noqonuniy olib kirilishi va tarqalishiga qarshi kurashish yoʻnalishida tizimli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti

